Bahor faslining ilk oyi 21 mart kunida milliy an’anamizga aylangan Navro‘z bayramining nishonlanishi barchani ko‘ngliga shodlik ulashadi. Bu vaqtda kun va tun tenglashadi. Bobo dehqonlarimiz yangi kunni qarshilar ekan, bu yilgi ekin va hosilni sarhisob qilib oladilar.

2010 yilda BMTning maorif, fan va madaniyat jamg‘armasi – YuNESKO tomonidan 21 mart – “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’lon qilindi. Navro‘z bayramini o‘tkazishda milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimiz o‘z aksini topadi, ya’ni bu bayramda turli taomlar pishirish, o‘yin va raqslar namoyish etish, folklor chiqishlar qilish, sport musobaqalarini o‘tkazish xalqimizga manzur bo‘lib kelmoqda.

“O‘zarxiv” agentligining 2019 yil I yarim yilligiga mo‘ljallangan Asosiy ish rejasining 9.2 bandiga asosan 21 mart – Navro‘z bayrami doirasida Respublika arxivchi yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida 2019 yil 29 mart kuni Milliy futbol akademiyasi (oldingi Bunyodkor) binosida “Agentlik kubogi” sport musobaqasi o‘tkazildi.

Bu bellashuvda “O‘zarxiv” agentligi huzuridagi O‘zR MDA, O‘zR KFFH MDA, O‘zR ITTH MDA, Toshkent shahar AIHB hamda Toshkent viloyati AIHB va uning tizimidagi arxiv muassasalari xodimlari ishtirok etishdi.

Musobaqani “O‘zarxiv” agentligi bo‘lim boshlig‘i A.O.Aliev ochiq deb e’lon qilar ekan, u o‘z so‘zida sport tinchlik elchisi va salomatlik garovi, yaxshi mehnat hamda faol harakat garovi ekanligi haqida so‘z yuritdi. 

Musobaqada ishtirokchilar, erkaklar o‘rtasida: kuch sinashish (armrestling), 400 metrga estafeta shaklida yugurish, stol tennisi va futbol sport turlari bo‘yicha bahs yuritgan bo‘lsalar, ayollar o‘rtasida: 200 metrga estafeta shaklida yugurish, shashka va stol tennisi sport turlari bo‘yicha bellashdilar. Unda, “Agentlik kubogi” O‘zR ITTH MDAga, 2-o‘rin Toshkent shahar Arxiv ishi hududiy boshqarmasiga, 3-o‘rin O‘zR MDAga nasib etdi. Bellashuv g‘oliblari “O‘zarxiv” agentligi bosh direktori U.Yusupov hamda agentlik kasaba uyushmasi tomonidan “Agentlik kubogi”, jamoaga Samarqand shahrini ziyorat qilishga yo‘llanma, 1, 2 va 3-darajali diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Musobaqa juda qizg‘in va bahs-munozaraga boy tarzda o‘tdi.