Joriy yil 29 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 17.00da
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” Agentligi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Xolokost Yodgorlik Muzeyi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolash marosimi masofaviy ONLINE tarzda o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Xolokost yodgorlik muzeyi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari 2003 yilda boshlangan. Mazkur hamkorlik doirasida O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilingan yahudiylar taqdiri bilan bog‘liq ayrim arxiv materiallari Amerika Qo‘shma Shtatlari Xolokost yodgorlik muzeyiga taqdim etilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Xolokost yodgorlik muzeyi 1993 yilda AQSh prezidenti B.Klinton tomonidan ochilgan. Shu vaqtga qadar 44 mln. dan ortiqroq kishi ushbu muzeyga tashrif buyurgan, shu bilan birgalikda 132 davlatdan 100 ga yaqin davlat rahbarlari hamda 4 mingga yaqin yuqori martabali mehmonlar ushbu muzeyga tashrif buyurgan. Ushbu muzeyning Nyu-York, Boston, Boka Raton, Chikago, Los Anjeles va Dallas shaharlarida o‘z ofislari bor.
“O‘zarxiv” agentligi direktori U.Yusupov, Xolokosta Milliy hujjatshunoslik instituti direktori Rebekka Boyeling, O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov va soha mutaxassislari, jurnalistlar, OAV vakillari ishtirok etdilar. Tadbirga Agentlik Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev moderatorlik qildi.
Hamkorlikning amaliy ahamiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
birinchidan, har ikki tomon tarixiga oid AQSh muzeyi va O‘zbekiston arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar bilan tanishish, nusxalari bilan almashinish imkoniyatlarini yaratish;
ikkinchidan, O‘zbekiston mutaxassislari uchun o‘quv va tadqiqot dasturlarini tashkil etish;
uchinchidan, qog‘oz va elektron ko‘rinishdagi arxiv hujjatlarini boshqarish va saqlashni tashkil etish sohasida malaka almashish.
Ushbu Shartnomani imzolashdan kutilayotgan natijalardan asosiysi birinchidan, ilmiy-tadqiqot ishlanmalarida arxiv hujjatlarni raqamlashtirish hamda jismoniy shikastlangan arxiv hujjatlari restavratsisida Muzey tomonidan qo‘llaniladigan yangi texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashishga imkoniyatlar beradi.
Shartnoma xalqaro huquq normalariga amal qilingan holda masofaviy ONLINE tarzda imzolandi. Har ikki tomon bir-birlarini kelgusidagi yaqin hamkorlikka asos bo‘ladigan hujjatning imzolanishi munosabati bilan bir-birlarini muborakbod etdilar.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати